2019 yil 20 sentyabr kuni Maktabgacha ta'lim vazirligida O'zbekiston Respublikasidagi maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga kompleks ko'maklashishni belgilovchi hamda maktabgacha ta'lim muassasalarida singapur tizimi va o'quv metodologiyasini faol joriy etishni ko'zda tutuvchi hamkorlik to'g'risidagi Memorandumni imzolash marosimi bo'lib o'tdi.
Xususan, Memorandumda maktabgacha ta'lim murabbiylarini Montessori uslubi bo'yicha ishga tayyorlash maqsadida o'quv markazini tashkil etish va Toshkent shahrida ilg'or xorij tajribasiga asoslangan maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan.
Ma'lumot o'rnida: Modern Montessori International o'z faoliyatini 1989 yildan boshlagan. Ayni damda Modern Montessori International guruhi tarkibiga dunyoning 14 mamlakatidagi, jumladan, Singapur, Buyuk Britaniya, Gonkong, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va boshqa davlatlarda mavjud 100ga yaqin maktabgacha ta'lim maskanlari kiradi.
O'z nomidan kelib chiqqan holda, Modern Montessori International maktab yoshigacha bo'lgan bolalar uchun ta'lim jarayonida Montessori uslubini faol tarzda qo'llab keladi.
Eslatib o'tamiz, Montessori uslubi XX asrning birinchi yarmida italiyalik pedagog va shifokor Mariya Montessori tomonidan ishlab chiqilgan va tadbiq etilgan. Mazkur uslubning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat: bolaning mustaqilligi, belgilangan chegaralardagi erkinlik, bolaning tabiiy psixologik, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishi.